Xabi Alonso Kamavinganing jamoa uchun ahamiyatini tushuntirdi

Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Xabi Alonso yarim himoyachi Eduardo Kamavinganing o'yinidan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
Yaqinda jarohatini davolagan frantsuz La Liganing "Levante"ga qarshi o'yinida 82-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi. Bu vaqtga kelib tabloda 4:1 hisobi porlab turgan edi.
"Kamavinga ajoyib holatda. U juda harakatchan, ko'plab fazilatlarga ega o'yinchi va men uning qaytganidan xursandman. U Jud Bellingem kabi asta-sekin ko'nikib boradi. Eduardo biz uchun muhim bo'ladi," - dedi Alonso o'yindan keyingi matbuot anjumanida.
Eduardo Kamavinga jarohat tufayli deyarli besh oy - apreldan sentyabrgacha maydonga tushmadi.