Vinisius va «Real» maosh borasida kelisha olmayapti

Madridning «Real» klubida Vinisius Juniorning kelajagi hali ham noaniq bo'lib qolmoqda. Tomonlar anchadan beri shartnomani uzaytirish masalasini muhokama qilishmoqda, biroq moliyaviy shartlar bo'yicha kelishuvga erisha olishmayapti. Jurnalist Ramon Alvaresning xabar berishicha, braziliyalik futbolchining agentlari yiliga 30 million evro maosh talab qilmoqda, «qirollik klubi» esa faqat 20 million evro taklif qilishga tayyor.
Shu bilan birga, manbaga ko'ra, hujumchining kelayotgan yozda sotib yuborilishi ehtimoli ancha past. «Real» rahbariyati munosib o'rinbosarni hamyonbop narxda topish qiyin deb hisoblaydi, shu sababli yulduz futbolchi bilan xayrlashishni istamayapti.
Vinisius Juniorning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida yakuniga etadi. Transfermarkt portali 25 yoshli o'yinchining bozor qiymatini 150 million evroga baholagan.