Vinisius: «Ularda Yamal bor»

Braziliya terma jamoasi hujumchisi Vinisius Junior bo'lajak Jahon chempionati haqida o'z fikrlarini bildirdi. Vinisiusning so'zlariga ko'ra, Lamin Yamal safida bo'lgan Ispaniya terma jamoasi turnir favoritlaridan biri hisoblanadi.
«Ispaniya — Jahon chempionati favoritlari qatorida. Ular Evropa chempionatida g'olib chiqishdi va ularning tarkibida Lamin Yamal bor. Yamal — dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Muxlislar aynan unga o'xshagan futbolchilar uchun chipta sotib olishadi», — deya Vinisiusning so'zlarini keltirmoqda The Touchline.
Jahon chempionati 11 iyun kuni start oladi. Turnir uchta mamlakatda — AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadi. Ispaniya terma jamoasi guruh bosqichida Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni va Urugvayga qarshi bahs olib boradi.