Vinisius Junior XXI asrda "Real"ning eng yomon penaltichisiga aylandi

Vinisius XXI asrda "Real" tarkibida 10 dan ortiq penalti tepgan futbolchilar orasida eng yomon ko'rsatkichga ega bo'lib turibdi.
Braziliyalik futbolchi Chempionlar ligasi 1/8 finali doirasidagi "Manchester Siti"ga qarshi o'yinda (3:0) nuqtadan darvozani ishg'ol eta olmadi. Uning zarbasini Djanluidji Donnarumma qaytardi.
Bu Vinisiusning "qaymoqranglilar" libosidagi 14-penaltisi va 4-xatosi bo'ldi — aniqlik ko'rsatkichi 71,4 foiz. So'nggi ettita urinishdan faqat uchtasi gol bilan yakunlangan.
2000/01 yilgi mavsumdan beri "Real"ning etti nafar futbolchisi kamida o'ntadan penalti tepgan. Eng aniq zarba beruvchi Serxio Ramos bo'lib chiqdi — 22 ta gol va bitta xato (95,6 foiz). Keyingi o'rinda Krishtianu Ronaldu bormoqda — 13 ta xato va 79 ta gol (87,7 foiz). Karim Benzema kuchli uchlikni yakunlab beradi — 5 ta xato va 32 ta gol (86,4 foiz).
Shuningdek, kuchli ettilikdan Luish Figu (6 ta xato / 31 ta gol, 83,7 foiz), Kilian Mbappe (4 ta xato / 19 ta gol, 82,6 foiz) va Rud van Nistelroy (4 ta xato / 11 ta gol, 73,3 foiz) joy olgan.