Vinisius EChL tarixidagi ikkinchi eng yaxshi braziliyalik to'purarga aylandi

Madridning “Real” klubi hujumchisi Vinisius Junior UEFA Chempionlar Ligasi tarixida braziliyalik futbolchilar orasida ikkinchi eng yaxshi to'purarga aylandi.
Bu natija 20 yanvar kuni musobaqaning 7-turi doirasidagi uchrashuvda qayd etildi. Unda “Real” o'z maydonida “Monako”ni 6:1 hisobida mag'lub etdi. Mazkur bahsda 25 yoshli hujumchi jamoasining beshinchi goliga mualliflik qildi.
Ushbu gol Vinisius uchun Chempionlar Ligasidagi 30-gol bo'lib, shu orqali u Kaka bilan tenglashdi. Biroq Kaka bu natijaga 86 ta uchrashuvda erishgan bo'lsa, Vinisiusga 75 ta o'yin kifoya qildi.
Braziliyalik futbolchilar orasida ushbu turnirdagi eng yaxshi natija Neymarga tegishli bo'lib, u “PSJ” va “Barselona” safida UEFA Chempionlar Ligasi doirasida 43 ta gol kiritishga muvaffaq bo'lgan.
Chempionlar Ligasida Braziliya terma jamoasi futbolchilari orasidagi eng yaxshi to'purarlar uchligi:
43 ta gol — Neymar (“Barselona”, “PSJ”)
30 ta gol — Vinisius Junior (“Real”)
30 ta gol — Kaka (“Milan”, “Real”)
Joriy mavsumda Vinisius “Real Madrid” safida 30 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 11 ta golli uzatma amalga oshirdi. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, uning bozor qiymati 150 million evroni tashkil etadi.