Jahon chempionatidan dramatik tarzda chiqib ketganidan so'ng Senegal terma jamoasida mojaro kelib chiqdi — Pap Guye milliy jamoani nomuayyan muddatga tark etishini e'lon qildi.

Futbolchining so'zlariga ko'ra, toki murabbiylar shtabi almashmas ekan, u terma jamoa safida maydonga tushmaydi. Belgiya bilan o'yinda uning zaxiraga olinishi futbolchi uchun so'nggi tomchi bo'ldi — aynan undan keyin Senegalning o'yini buzilib ketdi.

«Musobaqadan chiqib ketganimiz haqida albatta batafsil gapirib beraman. Ammo hozircha shuni e'lon qilmoqchimanki, amaldagi rahbariyat jamoa tepasida qolar ekan, men terma jamoaga qaytmayman», — deya Guyening so'zlaridan iqtibos keltiradi derbyderbyderby.it nashri.

Eslatib o'tamiz, Guye Ispaniyaning «Vilyarreal» klubi sharafini himoya qiladi.

Manba: Stadion.uz