Venger FIFA prezidentligiga o'z nomzodini qo'ymasligi ehtimoli yuqori

L’Équipe nashrining xabar berishicha, 77 yoshli mutaxassis ikki yarim oy davomida tashkilotning amaldagi rahbari Janni Infantinoga qarshi o'z nomzodini ilgari surish imkoniyatini jiddiy ko'rib chiqqan.
Venger FIFAdagi boshqaruv uslublaridan norozi, biroq Infantinoni mag'lub etish imkoniyatiga shubha bilan qaramoqda. Bundan tashqari, fransiyalik mutaxassis prezidentlik lavozimini o'zining asosiy faoliyat sohasi bo'lgan futbol maydonidan ancha yiroq, deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, Infantinoning raqiblari Vengerni eng istiqbolli nomzodlardan biri sifatida ko'rishayotgan edi. "Arsenal" sobiq ustozi Yevropa, Afrika va Osiyoda katta obro'ga ega, shuningdek, 211 ta milliy futbol assotsiatsiyalarining faoliyati bilan yaxshi tanish. Uning ehtimoliy nomzodini FIFA xodimlarining bir qismi ham qo'llab-quvvatlagan.
Vengerning yakuniy qarori hozircha e'lon qilinmagan. Agar fransiyalik mutaxassis saylovlarda qatnashishdan bosh tortsa, Infantinoning muxoliflari boshqa nomzod izlashlariga to'g'ri keladi.
Avvalroq UEFA FIFA prezidentligi lavozimiga muqobil da'vogarni qo'llab-quvvatlash niyatida ekanligini bildirgandi. Qayd etish joiz, nomzodlik arizalarini topshirish muddati 18 noyabr kuni - saylovlarga to'rt oy qolganida yakunlanadi.
Kommentariyalar