Vadim Abramov: "Yo'qotilgan ochkoni qayerdadir olamiz"

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo barchani bayram bilan tabriklayman. Bayramda hamma yaxshi kayfiyatda bo'lishi kerak, biz ham shunga harakat qilyapmiz. O'yinga keladigan bo'lsak, durangga mos bahs kechdi. Lekin uyda ochko yo'qotganimiz xafa qildi, endi safarda yo'qotilgan ochkoni topishga to'g'ri keladi.
- Avvaliga "Neftchi", so'ngra "Paxtakor" bilan durang qayd etildi.
- Bu qaysi tomondan qarashga bog'liq. To'g'ri, yetakchilar bilan yutqazmadik, lekin ikkinchi tomondan uydagi o'yinlarni yutishimiz kerak.
- Anvar Hojimirzaevning holati haqida.
- Uning jarohati hamon o'z ta’sirini bilintiryapti, shu bois tavakkal qilishni xohlamaymiz. Hojimirzaev sabr qilib davolangani maqul, undan keyin nima bo'lishini ko'ramiz.
- "Paxtakor"dek million dollargacha maosh oladigan o'yinchisi bor jamoaga qarshi o'ynash oson emas. Jamoangizning yetakchisi yo'q bo'lishiga qaramay, boshqalarni qanday ruhlantirdingiz?
- Kuchli jamoalarga qarshi nima deb ruhlantirish mumkin? Bunday paytda futbolchilar o'zlarini o'zlari ruhlantiradi. O'zingiz aytdingiz qancha maosh olishini, biznikilar ham ulardan kam emasligini isbotlashga harakat qiladi. Lekin ko'rolmaslik yomon narsa, buni umuman o'ylamasdan maydonga chiqib o'ynash kerak.
- Abdug'afur Haydarov haqida fikringiz?
- U shunday futbolchiki, o'yinni o'z qo'liga olishga va doim zarba berishga harakat qiladi. U menga Kerjakovni eslatib yuboryapti: urdim, uryapman va uraman. Haydarov ham shunaqa futbolchi. U yaqinda keldi va jamoamizga moslashib bormoqda. Taktikamizga to'liq tushib olishini kutyapmiz.
- Edem Nemanov negadir siz tomon tez-tez qarab qo'ydi. Unga nimadir dedingizmi?
- U tezroq to'pni o'yinga kiritishini xohladim, chunki ko'p hollarda sekin harakat qilyapti. Ammo maydon tashqarisida gapirish oson, maydonda esa futbolchilar qaror qabul qiladi.
Kommentariyalar