Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi «Pari Sen-Jermen» hamda Frantsiya milliy jamoasi hujumchisi Usmon Dembelega jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda insayder Sasha Tavoleri xabar berdi.

Manbaning yozishicha, Krisensio Sammervill transferidan so'ng saudiyaliklar yana bir yulduz futbolchini o'z safiga qo'shib olishni rejalashtirmoqda. «Al-Hilol» Dembeleni xarid qilish imkoniyatini o'rganish maqsadida uning vakillari bilan dastlabki aloqani o'rnatgan.

Hozircha «PSJ» bilan rasmiy muzokaralar boshlanmagan. Avvalo, saudiyaliklar 29 yoshli frantsuz futbolchisining roziligini olishni istamoqda. Agar 2025 yilgi «Oltin to'p» sohibi taklifga ijobiy munosabat bildirsa, «Al-Hilol» parijliklar bilan transfer shartlarini muhokama qilishni boshlaydi. Shu bilan birga, Frantsiya chempioni o'z etakchisini saqlab qolish niyatida bo'lib, unga yangi shartnoma taklif qilishni rejalashtirgan.

Dembele klublar miqyosida faoliyati davomida 421 ta uchrashuvda maydonga tushib, 136 ta gol urgan va 110 ta golli uzatmani amalga oshirgan. U faoliyati davomida «Renn», Dortmundning «Borussiya»si, «Barselona» va «Pari Sen-Jermen» sharafini himoya qilgan.

Frantsuz futbolchisi boy sovrinlar to'plamiga ega. U «Borussiya» bilan Germaniya kubogini qo'lga kiritgan. «Barselona» safida uch marta Ispaniya chempioni bo'lgan, ikki marta Ispaniya kubogi va ikki marta Ispaniya Superkubogida g'olib chiqqan.

«PSJ» bilan esa uch marta Frantsiya chempioni, ikki marta Frantsiya kubogi, uch marta Frantsiya Superkubogi sohibi bo'lgan. Shuningdek, UEFA Superkubogi va FIFA Qit'alararo kubogini ham yutib olgan. 2024/25 va 2025/26 mavsumlarida parijliklar ketma-ket ikki marta Chempionlar ligasi g'olibi bo'lishgan.

Xalqaro maydonda Dembele Frantsiya milliy jamoasi bilan 2018 yilgi jahon chempioni bo'lgan. 2025 yilda u «Oltin to'p» mukofotini qo'lga kiritdi, shundan so'ng FIFA tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etildi.

Manba: Stadion.uz