«Urgan 49 ta golimning deyarli hammasi Leo tufayli»: David Vilya Messi bilan o'tgan yillarini esladi

«Barselona» va Ispaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi David Vilya sobiq jamoadoshi Lionel Messi haqida gapirdi. Ispaniya milliy terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to'purar 2010 yildan 2013 yilgacha «ko'k-anorranglilar» sharafini himoya qilgan va u erda argentinalik yulduz bilan birga to'p surgan.
«Messining futbolga va umuman sportga ko'rsatgan ta'siri mutlaqo inkor etib bo'lmasdir. «Barsa»da o'ynab yurgan kezlarimda 49 ta gol urganman — ularning deyarli barchasi Leo bergan uzatmalardan keyin sodir bo'lgan. Men hech qachon unga o'xshash futbolchini ko'rmaganman. Messi — eng yaxshisi», — deya Barca Universal nashri Vilyaning so'zlarini keltiradi.
Lionel Messi Kataloniya klubini 2021 yilda tark etgan edi, 2023 yildan buyon esa MLSda «Inter Mayami» safida to'p surib kelmoqda.