«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri ushbu musobaqada 4 marta g'olib chiqqaniga qaramay, o'zini Evropa Ligasining «qiroli» deb hisoblamasligini ma'lum qildi. Ispaniyalik mutaxassis mazkur turnirda uch marta «Sevilya» va bir marta «Vilyarreal» bilan zafar quchgan, 20 may kuni esa uni Germaniyaning «Frayburg» klubiga qarshi navbatdagi final kutib turibbdi.

«Men bu turnirning qiroli emasman. Hozir «Aston Villa» bilan faoliyatimda yangi sahifa ochildi. Ilgari bo'lgan voqealarning barchasi o'tmishda qoldi. Ertaga hozirgi jamoam bilan va ayni damdagi raqibga qarshi bahsda g'alaba qozonishimiz kerak», — deya murabbiyning so'zlaridan iqtibos keltirmoqda ESPN.

Emeri boshqaruvi ostida «Villa» evrokuboklarda jiddiy o'sishga erishdi. Jumladan, jamoa 2024 yilda Konferentsiyalar Ligasi yarim finaliga, bir yil o'tib Chempionlar Ligasi chorak finaliga qadar etib bordi, endi esa so'nggi 30 yil ichidagi ilk yirik sovrin ostonasida turibdi. Birmingemliklarning oxirgi jiddiy muvaffaqiyati 1996 yilga to'g'ri keladi — o'shanda ular Angliya Liga kubogini qo'lga kiritishgan edi. Jamoa o'zining so'nggi evrokubogini esa undan ham avvalroq, ya'ni 1982 yilda Evropa chempionlari kubogida g'olib chiqib qo'lga kiritgan.

Emeri jamoa katta o'yinlardagi bosimni engib o'tishni o'rganganini va buni ijobiy omil sifatida qabul qilishi kerakligini ta'kidladi. «Bosim hamisha bor, lekin uni pozitiv qabul qilish lozim. U faqat haqiqatan ham muhim bo'lgan narsa uchun kurashayotganingda paydo bo'ladi», — dedi mutaxassis.

Murabbiy, shuningdek, «Villa» uchun mavsum juda og'ir boshlanganini, jamoa barcha turnirlardagi dastlabki 6 ta o'yinning birortasida ham g'alaba qozona olmaganini eslatib o'tdi: «Mavsum boshlanishidan to'g'risi juda xavotirda edim. Ammo futbolchilarning qiyinchiliklarga ko'rsatgan reaktsiyasi hayratlanarli bo'ldi. Biz ulg'ayganlik va mas'uliyatni his qila olish fazilatini namoyish etdik».

Eslatib o'tamiz, mazkur uchrashuvning start hushtagi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da yanglaydi.