«Ularga haqiqiy erkaklar kerak»: Rosenor «Chelsi» futbolchilarini keskin tanqid qilgani oshkor bo'ldi

«Chelsi» klubining sobiq bosh murabbiyi Liam Rosenor va londonliklar futbolchilari o'rtasidagi munosabatlarning ayrim tafsilotlari ochiqlandi.
CaughtOffside nashri tarqatgan ma'lumotga ko'ra, ingliz mutaxassisi jamoa rahbariyati bilan suhbatda o'z shogirdlarini «injiq bolalar» deya ta'riflagan. Rosenor klub xo'jayinlarini tarkibning katta qismidan voz kechishga va ularning o'rniga «haqiqiy erkaklar»ni olib kelishga chaqirgan.
Eslatib o'tamiz, Liam Rosenor joriy yilning yanvar oyida «ko'klar» postini egallagan edi. Biroq Angliya Premer-ligasi doirasidagi ketma-ket beshta mag'lubiyat (bu o'yinlarda jamoa birorta ham gol ura olmagan) sababli u 22 aprel kuni iste'foga chiqarildi.
Ayni damda «Chelsi» APL turnir jadvalida 34 turdan so'ng 48 ochko bilan 8-o'rinni egallab turibdi.