Ukraina kubogi. «Chernigov» finalgacha atigi 2 ta gol urdi

Ukraina chempionati Birinchi ligasi ishtirokchisi «Chernigov» antifutbolga yo'g'rilgan o'yin uslubini ifodalovchi «xarambol» terminiga juda mos tushmoqda. Birinchidan, kamtarin jamoa mamlakat kubogi finaliga chiqib, tarixiy natija qayd etdi. Ikkinchidan, turnirda kurashni 1/32 finalidan boshlagan klub hal qiluvchi o'yingacha bo'lgan yo'lni atigi 2ta gol bilan bosib o'tdi.
5ta o'yinda 2ta gol va final! Ajabo, shunaqasi ham bo'lar ekan-da. Gap shundaki, «Chernigov» 3ta bosqichda raqiblaridan penaltilar seriyasi bo'yicha ustun keldi. Jumladan, yarim finalda «Metallist 1925» bilan to'qnash kelgan jamoa 4-daqiqadayoq qizil kartochka tufayli maydonda ozchilik bo'lib qoldi. Shunga qaramay, «Chernigov» 0:0 hisobini saqlab qoldi va penaltilar seriyasida final chiptasini yulib oldi – 6:5.
Vaholanki, «Chernigov» futbolchilari butun 120 daqiqa davomida «Metallist» darvozasi tomon loaqal bir marta zarba yo'llamashdi, faqat himoya bilan shug'ullanishdi. O'yin statistikasiga qarasak, zarbalar (31:0), aniq zarbalar (13:0), xavfli vaziyatlar (15:0), qo'yingki, barcha jihatlar bo'yicha «Metallist» ustun, ammo final chiptasi «Chernigov»da! Qoyilmisiz? Darvoqe, «xarambol»ning yangi qiroli endi 20 may kuni finalda Kiev «Dinamo»si asabini sinovdan o'tkazadi.
«Chernigov» Ukraina kubogida
1/32 final: «Atlet» – «Chernigov» – 0:1
1/16 final: «Chernigov» – «Krivbass» – +:- (texnik natija – 3:0)
1/8 final: «Chernigov» – «Lesnoe» – 1:1 (pen. – 4:3)
1/4 final: «Chernigov» – «Mariupol» – 0:0 (pen. – 5:4)
1/2 final: «Metallist 1925» – «Chernigov» – 0:0 (pen. – 5:6)
Final: «Dinamo» K. – «Chernigov» (20 may)