UFC: Nursulton Ro'ziboev UFC’dagi 5-g'alabasini qo'lga kiritdi (video)

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o'tkazilayotgan UFC Fight Night 280 turnirida o'zbekistonlik aralash yakkakurash ustasi Nursulton Ro'ziboev o'zining navbatdagi jangini o'tkazdi. Unga ushbu bahsda rossiyalik Andrey Pulyaev raqiblik qildi.
O'rta vazn toifasida tashkil etilgan va 3 raund etib belgilangan reyting jangi uzoq davom etmadi. Nursulton Ro'ziboev ilk raunddayoq o'zining ajoyib harakatlari bilan raqibini sabmishen (og'rituvchi usul) orqali taslim etdi.
Ushbu muvaffaqiyat orqali o'zbekistonlik sportchi MMA faoliyatidagi 37-g'alabasini nishonladi (uning hisobida 9 ta mag'lubiyat va 2 ta durang ham bor). Mazkur to'qnashuv Ro'ziboev uchun ushbu promoushendagi oltinchi jang bo'ldi. Endilikda uning UFC’dagi ko'rsatkichi 5 ta g'alaba va 1 ta mag'lubiyatni tashkil etmoqda.
28 yoshli Andrey Pulyaev esa MMA faoliyatidagi 5-mag'lubiyatini qabul qilib oldi (hisobida 10 ta g'alaba mavjud). Rossiyalik jangchi UFC’da 2025-yilning mart oyidan beri faoliyat yuritib keladi.
Eslatib o'tamiz, Nursulton Ro'ziboev bundan avvalroq UFC 319 turnirida amerikalik Brayan Battl bilan oktagonga ko'tarilishi lozim edi. Biroq Battl belgilangan vazn me'yorini bajara olmagani sababli ushbu jang so'nggi pallada bekor qilingandi.
Ma'lumot o'rnida, Boku shahri mezbonlik qilayotgan UFC Fight Night 280 turnirining asosiy jangi Rafael Fiziev hamda Manuel Torres o'rtasida bo'lib o'tadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar