UEFA AQSh terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning JCh-2026 dagi qizil kartochkasidan keyin diskvalifikatsiyasi kechiktirilgani borasida rasmiy bayonot e'lon qildi.

«Kecha o'yinchi Folarin Balogunga ko'rsatilgan qizil kartochkadan so'ng avtomatik ravishda beriladigan bir o'yinlik diskvalifikatsiyani qo'llashni bir yilga to'xtatib turish bo'yicha qabul qilingan qaror qizil chiziqni bosib o'tdi.

Futbol, xuddi boshqa istalgan sport turi kabi, halol, vijdonan va shaffof raqobatning asosi bo'lgan qoidalarga tayanadi. Ba'zan qoidalar turlicha talqin qilinishi mumkin. Bu vaziyatda esa yo'q. Qizil kartochkadan keyin kamida bitta o'yinga avtomatik ravishda beriladigan diskvalifikatsiya ixtiyoriy variant emas va uni qo'llash uchun vakolatli organning qarori talab etilmaydi. Bu reglamentga kiritilgan printsip bo'lib, undan mustasno holatlar yaratilishi mumkin emas, ayniqsa, turnirning qizg'in pallasida, boshqa bir qancha o'yinchilar xuddi shunday vaziyatga tushib, o'z diskvalifikatsiyasini odatdagidek o'tab bo'lgan bir paytda.

Qoidalarning aniqligi ularning himoyachilari tomonidan kafolatlanmay qo'yganda, o'yinning halolligi xavf ostida qoladi, musobaqaga bo'lgan ishonchga esa putur etadi. Bundan tashqari, bunday qaror joriy turnirda pretsedent (o'rnak) yaratadi va endi shunga o'xshash vaziyatlarda musobaqa zarariga bo'lsa-da, teng munosabatni talab qiladi.

Futbol dunyodagi eng sevimli sport turi hisoblanadi, chunki u go'zal o'yin va unga hamma joyda bir xil qoidalar bo'yicha o'ynalgani uchun ishonishadi. Turnir hech qachon butunlay alohida hodisa bo'lib qolmaydi va agar gap jahon chempionati haqida ketayotgan bo'lsa, u umuman butun o'yin uchun ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishga qodir.

Biz bunday misli ko'rilmagan, tushunib bo'lmaydigan va oqlab bo'lmaydigan qarorga nisbatan o'z ishonchsizligimizni bildiramiz», — deyiladi tashkilotning rasmiy saytida.

Manba: Stadion.uz