UEFA falastinliklarni kamsitgani uchun Isroil klubini jarimaga tortdi

UEFA Isroilning “Makkabi Tel-Aviv” klubini muxlislar tomonidan yo'l qo'yilgan irqchilik va kamsituvchi harakatlar sabab jazoladi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Unga ko'ra, voqea Evropa Ligasi doirasidagi “Shtutgart” hamda “Makkabi Tel-Aviv” jamoalari o'rtasidagi bellashuv vaqtida sodir bo'lgan. Uchrashuv 11 dekabr kuni bo'lib o'tgan va unda nemis klubi 4:1 hisobida g'alaba qozongan. O'yindan keyin ayrim isroillik muxlislari tomonidan haqoratomuz va millatlararo nizolarni keltirib chiqaruvchi shiorlar aytilgani qayd etilgan.
Mahalliy OAV xabariga ko'ra, bir qancha muxlislar falastinliklar va arab millatiga qarshi haqoratli iboralar ishlatgan. Shuningdek, ba'zi muxlislar Germaniya hamda Evropaning ko'plab davlatlarida taqiqlangan natsistik ishoralar qilgani ham aytilgan. Qolaversa, Germaniya politsiyasi o'yin paytida pirotexnika ishlatgan olti nafar isroillik muxlisni qo'lga olgan.
UEFA mazkur xatti-harakatlarni intizomiy reglamentning 16-moddasiga muvofiq “irqchilik va kamsitish” sifatida baholadi va klubni 20 ming evro jarimaga tortdi. Shuningdek, tashkilot “Makkabi Tel-Aviv”ning navbatdagi safar o'yinida isroillik muxlislarga chipta sotilmasligi bo'yicha qaror qabul qildi. Hozircha Isroil klubi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.
Ma'lumot uchun, “Makkabi Tel-Aviv” klubi Evropa Ligasi guruh bosqichi 6-turidan keyin 1 ochko to'plagan holda oxirgi o'rinlardan birini egallab turibdi.