«Turnir qirollari?»: Olise «Real» haqidagi savolga kulib qo'ydi

«Bavariya» vingeri Maykl Olise Chempionlar ligasi chorak finalida Madridning «Real» klubi ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng OAV vakillari bilan suhbatlashdi.
Vensan Kompani shogirdlari o'z maydonida kechgan javob bahsida irodali g'alabani qo'lga kiritishdi — 4:3. Olise 94-daqiqada uchrashuvdagi so'nggi gol muallifiga aylandi. Ikki o'yin natijasiga ko'ra myunxenliklar 6:4 hisobida zafar quchishdi.
— Turnir qirollari ustidan qozonilgan g'alabadan keyin taassurotlaringiz qanday? — deya so'radi jurnalist frantsuz futbolchisidan.
— Turnir qirollari? — deb qayta so'radi Olise kulib.
— «Real» Chempionlar ligasida 15 marta g'olib chiqqan.
— Ha, tushunarli, — deya javob qaytardi o'yinchi.
Yarim finalda «Bavariya» musobaqaning amaldagi g'olibi — «PSJ» bilan to'qnash keladi.