Turnir jadvali
Shveytsariya milliy terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichi 2-turidan o'rin olgan uchrashuvda Bosniya va Gertsegovina terma jamoasi ustidan 4:1 hisobida ishonchli g'alabani qo'lga kiritdi.
Shveytsariyaliklar tarkibida Yoxan Manzambi dubl muallifiga aylandi. 20 yoshli yarim himoyachi zaxiradan maydonga tushganidan atigi uch daqiqa o'tib, uchrashuvning 74-daqiqasida hisobni ochgan bo'lsa, 90-daqiqada o'z hisobiga ikkinchi golni yozdirib qo'ydi. Jamoaning yana bir goliga 84-daqiqada Ruben Vargas mualliflik qildi. Uchrashuvdagi yakuniy hisobni esa hakam tomonidan qo'shib berilgan vaqtda Granit Jaka penaltini aniq amalga oshirgan holda o'rnatdi.
Bosniyaliklarning yagona golini 90+3-daqiqada Ermin Maxmich kiritdi. E'tiborlisi, Sergey Barbarez shogirdlari bahsni 10 kishi bo'lib yakunlashdi — 80-daqiqada himoyachi Tarik Muharemovich qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan edi.
Ushbu g'alabadan so'ng Shveytsariya (4 ochko) ikki o'yindan keyin «B» guruhida peshqadamlikni qo'lga oldi. Bosniya va Gertsegovina esa 1 ochko bilan kvartetda uchinchi o'rinda bormoqda.
Guruh bosqichining so'nggi turida, 24 iyun kuni shveytsariyaliklar Kanadaga qarshi maydonga tushishsa, bosniyaliklar shu kuni Qatar terma jamoasi bilan kuch sinashadilar.
ShVEYTsARIYa — BOSNIYa VA GERTsEGOVINA — 4:1
Gollar: Manzambi 74 (1:0), Vargas 84 (2:0), Manzambi 90 (3:0), Maxmich 90+3 (3:1), Jaka 90+7-pen (4:1).
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akandji, Rodriges, Vidmer (Xakes, 86), Jaka, Froyler, Ebisher (Manzambi, 72), Ndoy (Sou, 72), Embolo (Itten, 89), Rider (Vargas, 72).
Bosniya va Gertsegovina: Vasil, Muxaremovich, Katich, Kolashinats, Dedich, Taxirovich (Bashich, 63), Shunich (Xadjiaxmetovich, 85), Alaybegovich (Maxmich, 90+1), Memich, Demirovich (Lukich, 85), Djeko (Bayraktarevich, 63).
Ogohlantirishlar: Elvedi (65) — Dedich (59), Jeko (61).
Chetlatish: Muxaremovich (80).
Manba: Stadion.uz