Transfermarkt: Shomurodovning narxi o'zgarmadi, Fayzullaevniki pasaydi

Transfermarkt portali Turkiya Superligasida to'p surayotgan futbolchilarning transfer qiymatlarini yangiladi.
Yangilanish yakunlariga ko'ra, O'zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning narxi o'zgarishsiz qoldi. «Istanbul Bashakshehir» safidagi samarali o'yinlariga qaramay, 30 yoshli forvardning transfer qiymati hanuz 5 million evroni tashkil etmoqda.
O'zbekiston terma jamoasi sardori joriy yil iyul oyi boshida italiyalik «Roma» klubidan ijara asosida Turkiya jamoasiga o'tgan edi. U «Istanbul Bashakshehir» safida o'tkazgan 16 ta uchrashuvda 11 ta gol urdi va 2 ta golli uzatma amalga oshirdi. Ayni paytda Shomurodov Turkiya chempionatining eng yaxshi to'purari hisoblanadi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi hamda «Istanbul Bashakshehir» yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaevning transfer qiymati 1 million evroga pasaydi va hozirda u 7 million evroni tashkil etmoqda.
22 yoshli futbolchi joriy yil iyul oyi oxirida TsSKAdan Turkiya jamoasi safiga qo'shilgan edi. Ushbu transfer 8 million evro deb baholangan. Fayzullaev «Istanbul Bashakshehir» tarkibida bor-yo'g'i 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi.
Avgust oyidan noyabr oyi oxirigacha futbolchi jarohat sabab maydonga tushmadi. O'zbekiston milliy terma jamoasiga italiyalik murabbiy Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlanganidan beri esa Fayzullaev birorta ham rasmiy uchrashuvda ishtirok etgani yo'q.