«Yuventus» klubining kanadalik hujumchisi Jonatan Devid yozgi transfer oynasida jamoasini o'zgartirishi mumkin.

Corriere dello Sport nashriga ma'lum bo'lishicha, «Yuventus» 26 yoshli hujumchini 30 million evro evaziga qo'yib yuborishga tayyor. Futbolchining transferi bo'yicha dastlabki so'rovlarni Angliyaning «Tottenxem» hamda Frantsiyaning «Lion» klublari amalga oshirib ulgurishdi.

Ayni damda Devid Kanada terma jamoasi safida Jahon chempionati — 2026 musobaqasida ishtirok etmoqda. Qatarga qarshi kechgan so'nggi uchrashuvda forvard o'z hisobiga xet-trik yozdirib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.

Yakunlangan klub mavsumida Devid barcha turnirlarda jami 46 ta bahsda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 8 bor ishg'ol qildi va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Manba: Stadion.uz