«Tottenxem» Tonaliga muqobil variant topdi

«Tottenxem» klubi «Kristal Pelas» yarim himoyachisi Adam Uorton uchun kurashga qo'shildi. TEAMtalk nashrining xabariga ko'ra, London klubi Sandro Tonali transferi bo'yicha muzokaralardagi qiyinchiliklar fonida 22 yoshli xavbekni o'z safiga qo'shib olish uchun jiddiy harakat boshlashga tayyor.
«Shporlar» bosh murabbiyi Roberto de Dzerbi Iv Bissuma ketganidan so'ng, maydon markazini kuchaytirish uchun Uortonni asosiy nomzodlardan biri sifatida ko'rmoqda. Ma'lum qilinishicha, klub yozgi transfer oynasida bir yo'la uchtagacha yarim himoyachi sotib olishi mumkin.
Uortonga «Liverpul» va «Manchester Yunayted» klublari ham qiziqish bildirishda davom etmoqda, biroq aynan «Tottenxem» ushbu transfer ustida faol ish olib bormoqda. Klub rahbariyatining fikricha, ushbu kelishuv «Nyukasl» 117 million evrodan qimmatroqqa baholayotgan Tonalini sotib olish urinishidan ko'ra ancha realroq ko'rinmoqda.
Bu transferdagi asosiy to'siq «Kristal Pelas»ning pozitsiyasi bo'lib turibdi. Londonliklar o'z etakchilaridan biri bilan xayrlashish niyatida emaslar va hozircha da'vogarlarning hech biri bilan muzokara boshlashgani yo'q.
Yakunlangan mavsumda Uorton asosan tayanch yarim himoyasi zonasida harakat qilib, 53 ta o'yinda maydonga tushdi, 1 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. «Transfermarkt» portali futbolchini 70 million evroga baholamoqda.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar