"Tottenxem" Solanke o'rniga "Bavariya"dan sotib olgan futbolchisini EChL qaydnomasiga kiritdi

Angliyaning "Tottenxem" klubi jarohat olgan hujumchi Dominik Solanke o'rniga frantsiyalik hujumchi Matis Telni Evropa Chempionlar Ligasi qaydnomasiga kiritdi. Bu haqda klub matbuot xizmati rasman ma'lum qildi.
Londonliklar UEFAning futbolchilardan biri jiddiy jarohat olgan taqdirda, boshqa o'yinchini qaydnomaga kiritishga ruxsat beruvchi qoidasidan foydalandi.
Matis Tel "Tottenxem" safida 2025 yilning fevralidan buyon to'p surib kelmoqda. O'tgan yozda inglizlar futbolchining huquqlarini Myunxenning "Bavariya" klubidan 35 mln evroga sotib olgan edi. Frantsuzning o'tgan mavsumning ikkinchi qismi oldidan yarim yillik ijarasi klubga 10 mln evroga tushgan.