«Tottenxem» emas: APL top-klubi Keynni Angliyaga qaytarmoqchi

Myunxenning "Bavariya" klubi forvardi Xarri Keyn 2026 yilning yozida klubini o'zgartirishi mumkin.
Avvalroq, kelayotgan yozda futbolchining o'zi so'ragan taqdirda, Keyn uchun belgilangan tovon puli amal qila boshlashi xabar qilingandi.
Daily Star xabariga ko'ra, 32 yoshli hujumchiga Angliyaning "Manchester Yunayted" klubi qiziqish bildirmoqda. Aytish kerakki, "qizil iblislar" 2023 yildayoq Keynni qo'lga kiritishga urinib ko'rishgandi, ammo o'shanda "shporlar" rahbariyati futbolchini printsipial raqib tomoniga sotishdan bosh tortgandi.
Joriy mavsumda Keyn juda sermahsul o'yin ko'rsatmoqda. Barcha musobaqalardagi ettita uchrashuvda u naq 13 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Bundan tashqari, hujumchi hisobida uchta samarali uzatma bor.