«Tottenxem» «Bornmut» himoyachisi transferi bo'yicha kelishuvga erishdi

Londonning «Tottenxem» klubi «Bornmut»ning 29 yoshli himoyachisi Markos Senesi bilan kelishuvga erishdi. Bu haqda jurnalist va insayder Nikolo Skira o'zining X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida xabar bermoqda.
Manba bergan ma'lumotlarga ko'ra, Senesi «Tottenxem» safiga erkin agent sifatida qo'shiladi va 2030 yilgacha mo'ljallangan shartnomaga qo'l qo'yadi. Uning maoshi yiliga 5 million evroni tashkil qiladi.
Senesi faoliyatini «Feyenoord»da boshlagan bo'lib, 2022 yilda 15 million evro evaziga «Bornmut»ga o'tgan edi. Argentinalik himoyachi ushbu klub safida jami 128 ta o'yin o'tkazib, 6 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Hozirgi vaqtda Transfermarkt portali Senesining bozor qiymatini 22 million evroga baholamoqda.