“Tottenhem” “Manchester Siti” futbolchisi uchun 70 mln evro taklif qilmoqchi

Londonning “Tottenhem” klubi “Manchester Siti” vingeri Savino transferi bo'yicha taklif tayyorlamoqda. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o'zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida xabar berdi.
Manbaga ko'ra, “shporlar” 23 avgust, shanba kuni Angliya Premer Ligasining 2-turida “shaharliklar”ga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv yakunidan so'ng London klubi futbolchi uchun rasmiy taklif kiritishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, “Tottenhem” Savino uchun 70 million evrodan ko'proq mablag' to'lashga tayyor.
Eslatib o'tamiz, Savino 2024 yil yozida “Manchester Siti” tarkibiga qo'shilgan edi. O'tgan vaqt davomida braziliyalik futbolchi barcha musobaqalar doirasida 48 uchrashuvda maydonga tushib, o'z hisobiga 3 ta gol va 13 ta golli uzatma yozdirib qo'ygan.
24 yoshli futbolchining “Siti” bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 50 million evroga baholagan.