Toshkentdagi boks kechasida Lazizbek Mullajonov WBC kamari uchun ringga chiqadi

14 noyabr kuni soat 18:00 da Humo Arena sport majmuasida yilning eng kutilgan professional boks kechasi bo'lib o'tadi. Kechada bir nechta yirik janglar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda Shahram G'iyosov, Lazizbek Mullajonov, Aloxon Abdullaev, Ozodbek Aliev va Suhrob Qayumov kabi o'zbekistonlik bokschilar ringga chiqishi kutilmoqda.
Musobaqa Lift Promotions kompaniyasi tomonidan tashkil etiladi. Kechaning asosiy jangida Lazizbek Mullajonov ishtirok etishi rejalashtirilgan. Tashkilotchilar ma'lumotiga ko'ra, u WBC kamari uchun jang qiladi. Biroq hozircha uning raqibi e'lon qilinmagan.
Shuningdek, Shahram G'iyosov rossiyalik bokschi Mark Urvanovga qarshi bahs olib boradi. Aloxon Abdullaev esa yana bir o'zbekistonlik bokschi Suhrob Qayumov bilan ringda to'qnashadi. Bundan tashqari, kechada Ozodbek Aliev va rossiyalik Aleksandr Zubkov o'rtasidagi jang ham o'tkazilishi belgilangan.
Mazkur kechaga mehmon sifatida og'ir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni, ukrainalik Oleksandr Usik hamda ikkinchi o'rta vazn toifasida mutlaq jahon chempioni Terens Krouford kabi bokschilar taklif etilgan.