Tomas Frankka APLning uch klubidan taklif bor

Londonning «Tottenxem» klubi sobiq bosh murabbiyi Tomas Frank shu yozda ishga qaytishi mumkin.
TEAMtalk nashri bergan ma'lumotlarga ko'ra, 52 yoshli daniyalik mutaxassis xizmatlariga Angliya Premer-ligasining bir yo'la uchta klubi qiziqish bildirmoqda. Joriy mavsum yakunida murabbiylar almashinuvi kutilayotgan «Kristal Pelas», «Fulxem» va «Bornmut» klublari Frank nomzodini ko'rib chiqmoqda.
Frankning oxirgi ish joyi «Tottenxem» bo'lib, u jamoani 2025 yil yozidan shu yilning fevral oyigacha boshqargan. Avvalroq mutaxassis «Brentford», «Brondbyu» va Daniya o'smirlar terma jamoalarida ham faoliyat yuritgan.
26-turdan so'ng «Tottenxem» 29 ochko bilan Angliya chempionati turnir jadvalida 16-o'rinni egallab turibdi.