The Telegraph: Maykl Olise Peresning «Real»dagi «maxfiy transferi»ga aylanishi mumkin

Florentino Peresning «Real» prezidentligiga qayta saylangan taqdirda amalga oshiradigan «maxfiy transferi» «Bavariya» hamda Frantsiya terma jamoasi hujumkor yarim himoyachisi Maykl Olise bo'ladi, deya xabar bermoqda The Telegraph.
79 yoshli funktsioner 7 iyun kuni bo'lib o'tadigan saylovlarda g'alaba qozongan taqdirda, klub tarixidagi eng qimmat futbolchi bilan shartnoma imzolashga va'da berdi. U yangi o'yinchi uchun 150 million evro to'lashga tayyor.
Manbaning bergan ma'lumotlariga ko'ra, gap 24 yoshli Olise haqida bormoqda.
Yakunlangan 2025/26 yilgi mavsumda u «Bavariya» safida 52 ta uchrashuvda maydonga tushib, 22 ta gol urdi va 31 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali frantsiyalik futbolchining transfer qiymatini mana shu 150 million evroga baholamoqda.
Eslatib o'tamiz, o'tgan mavsumda «Real» 86 ochko jamg'arib, La Liga turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egallagan edi. Ispaniya chempioni esa «qaymoqranglilar»ni sakkiz ochkoga ortda qoldirgan «Barselona» bo'ldi.