Frantsiya terma jamoasi va “Arsenal”ning sobiq futbolchisi Terri Anri 18 dekabr kuni faoliyati davomida erishgan yutuqlari uchun beriladigan Lifetime Achievement mukofoti bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimi BBC telekanali tomonidan tashkil etildi.

Mukofotni qabul qilib olar ekan, Anri avvalo sobiq jamoadoshlari va murabbiylariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u farzandlariga — Tee, Tristan, Tatiana va Gabiga murojaat qildi. Aynan ular Anriga ushbu mukofotni topshirishdi.

“Eng katta qo'rquvim — yomon ota bo'lib qolish. Men har doim ham yaxshi ota bo'lmaganman. Bu mukofot meniki emas, sizniki. Siz meni tarbiyalayapsiz, jarohatlarimdan asraysiz, inson bo'lish — zaif, ammo mehribon va hamdard bo'lish nimani anglatishini ko'rsatyapsiz. Shuning uchun menga mehribon bo'lganingiz va borligingiz uchun rahmat”, dedi Anri.

BBC rahbariyati Anrining zamonaviy futbolchi tushunchasini qayta talqin qilganini, shuningdek, uning maydondagi iste'dodi, futbol tafakkuri va futbol rivojiga qo'shgan hissasini alohida e'tirof etdi.

“Futbol menga hamma narsani berdi va men unga borimni bag'ishladim. Ushbu mukofot orqali futbol tarixida e'tirof etilish, muxlislar va jamoadoshlar qalbida iz qoldirish — bu men hech qachon unutmaydigan lahza”, deydi sobiq futbolchi.

Terri Anri o'z davrida dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo'lgan. Jahon va Evropa chempioni, UEFA Chempionlar Ligasi g'olibi, shuningdek Frantsiya, Angliya va Ispaniya chempionatlari g'olibi hamda Konfederatsiyalar kubogi sohibi hisoblanadi.

Faoliyati davomida hujumchi va qanot yarim himoyachisi pozitsiyalarida to'p tepgan. U “Monako”, “Yuventus”, “Arsenal”, “Barselona” va “Nyu-York Red Bulls” klublari safida o'ynagan.

Manba: daryo.uz