Klub musobaqaning birinchi davrasini reglament talablari asosida o'tkazgan bo'lsa-da, ikkinchi davraga kelib unda muammolar boshlandi.

Proliga 21-turi doirasidagi “Aral”ga qarshi uchrashuvga “TerDU” moliyaviy holatning barqaror emasligidan kelib chiqib, bora olmadi. Avvalroq O'FA tegishli qo'mitasi klub uchun transfer oynasi yopilgani bo'yicha o'z qarorini taqdim etgandi.

Qayd etish kerak, klub Proligadagi uy uchrashuvlarini o'tkazish bo'yicha “Surxon” bilan shartnoma imzolagan bo'lib, unga ko'ra “Surxon” arenaning barcha sharoitlari mavjud bo'lgan ikkinchi maydonidan foydalanishi ko'zda tutilgandi. Biroq “Surxon”da yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar oqibatida “Surxon arena”ning har ikki maydoni professional futbol uchrashuvlarini qabul qila olmaydigan darajaga keldi. Keyinchalik “Surxon” Toshkent va uning atrofida joylashgan stadionlardan foydalanishni boshlagan bo'lsa, “TerDU” mazkur masalani hal qilishda muammolarga duch keldi va asosan raqiblari bilan kelishgan holda, ular to'p surayotgan arenalarga tashrif buyurdi.

12-oktyabr kuni “TerDU” o'z maydonida Proliga 22-turi doirasida “Respublika FA” jamoasini qabul qilishi belgilangan. Proliga reglamentining 14.8-bandiga zid ravishda “TerDU” mazkur uchrashuvni qaysi arenada qabul qilishi masalasiga oydinlik kiritmadi. O'z-o'zidan “Respublika FA” safar chiptalarini xarid qilish, tegishli hududdan mehmonxona band qilish va o'z rejalarini shunga moslashtirishda qiyinchilikka duch keldi. Qolaversa, “TerDU” avvalgidek raqibi bilan o'zaro uchrashuvni Toshkentda o'tkazish bo'yicha ham kelisha olmadi.

Shundan kelib chiqib, Liga 22-tur doirasidagi “TerDU” - “Respublika FA” uchrashuvini o'tkazish bilan bog'liq harakatlarni to'liq to'xtatdi hamda mezbon klubga texnik mag'lubiyat yozish bo'yicha qaror qabul qildi. Endilikda, Proliga reglamentining 9.10-bandi asosida “TerDU” klubini Proliga qatnashchilari safidan chiqarish masalasi Liga Ijroiya qo'mitasi tomonidan ko'rib chiqiladi.

Liga Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulovga jar yoqasiga kelib qolgan sobiq Qiziriq klubini saqlab qolish, uning “TerDU” nomi bilan musobaqalardagi ishtiroki uchun sharoit yaratish kabi masalalarda ko'rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildiradi. O'tgan vaqt davomida Liga klub bilan bog'liq bir qator o'rganishlar olib borgan bo'lib, bu haqda keyinroq batafsil ma'lumot berishga harakat qiladi.