Tepe Sigeman shaxmat turniri. Nodirbek Abdusattorov 3-o'rinni egalladi

Shvetsiyaning Malmyo shahrida o'tkazilgan shaxmat bo'yicha nufuzli Tepe Sigeman turniri yakuniga etdi.
Nodirbek Abdusattorov so'nggi tur doirasida niderlandiyalik Yorden van Forestga qarshi oq donalarda o'ynadi. Hamyurtimiz g'alaba uchun harakat qildi, ammo raqib munosib himoyalandi. 44-yurishdan keyin tomonlar durangga imzo chekishdi.
Shu tariqa, Nodirbek Abbdusattorov turnirni 4,0 ochko bilan yakunladi. Turkiyalik yosh grossmeyster Yag'iz Kaan Erdog'mush bugun Magnus Karlsenga yutqazib qo'ydi va u ham musobaqani 4,0 ochko bilan yakunladi. Qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra, o'zbekistonlik sportchi raqibdan ustunlikka ega bo'lib, 3-o'rinni band etdi.
Turnirning asosiy bosqichida hindistonlik Arjun Erigaisi va norvegiyalik Magnus Karlsen 5 ochko to'plashdi. G'olibni aniqlash maqsadida ular o'rtasida blits formatida qo'shimcha o'yinlar o'tkaziladi.
Ma'lumot uchun, ushbu turnirda ketma-ket ikki yildan buyon o'zbekistonlik shaxmatchilar g'alaba qozongan. 2024 yilda Nodirbek Abdusattorov, 2025 yilda esa Javohir Sindorov chempionlikni qo'lga kiritgan.