Tchuameni "Bavariya" bilan o'yindagi hakam qaroridan norozi

Madridning "Real" klubi yarim himoyachisi Orelen Tchuameni Chempionlar Ligasi chorak finali doirasida "Bavariya"ga qarshi kechgan birinchi o'yinda olgan sariq kartochkasi haqida gapirdi. Frantsuz futbolchisi 37-daqiqada ogohlantirildi — buning natijasida u Myunxendagi javob uchrashuvini o'tkazib yuboradi.
"Bilmadim, men shunchaki yugurayotgandim va to'pni olib qo'yishga harakat qilmadim, lekin hakam qoida buzilishini ko'rdi. Menimcha, u sariq kartochka ko'rsatishni xohlagandi, chunki bungacha follar ko'p bo'lgandi. Men bu qarorni tushunmayapman", — deya Tchuamenining so'zlarini keltiradi Madrid Universal.
"Santyago Bernabeu"dagi bahs "qaymoqranglilar"ning 1:2 hisobidagi mag'lubiyati bilan yakunlandi. Keyingi chorshanba kuni "Alyants Arena"da javob o'yini bo'lib o'tadi.