"Brayton end Xouv Albion" yarim himoyachisi Jeyms Milner Angliya Premer-ligasida o'tkazilgan o'yinlar soni bo'yicha mutlaq rekord o'rnatdi. 40 yoshli futbolchi APLning 27-turidan o'rin olgan "Brentford"ga qarshi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Xabar berilgan vaqtda "Brayton" 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi.

Ushbu o'yin angliyalik futbolchi uchun turnirdagi 654-uchrashuv bo'ldi. Bu ko'rsatkich bilan Milner afsonaviy Garet Barrini (653 o'yin) ortda qoldirib, APL tarixidagi eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchiga aylandi.

APL tarixidagi eng ko'p o'yin o'tkazgan top-5 futbolchi:

  1. Jeyms Milner — 654

  2. Garet Barri — 653

  3. Rayan Giggz — 632

  4. Frenk Lempard — 609

  5. Devid Jeyms — 572

Milner faoliyati davomida eng ko'p o'yinni (230 ta) "Liverpul" safida o'tkazgan. Shuningdek, u "Lids", "Nyukasl", "Aston Villa" va "Manchester Siti" klublari sharafini ham himoya qilgan.