Talabgorlar turniri. Shaxmatchilar qancha mukofot puli ishlab topishi mumkin?

Kiprda o'tkazilayotgan 2026-yilgi Nomzodlar turniri nafaqat shaxmat toji uchun yo'llanma, balki katta sovrin jamg'armasi bilan ham ahamiyatlidir. FIDE tomonidan tasdiqlangan rasmiy reglamentga ko'ra, turnirning umumiy sovrin jamg'armasi 700 ming evroni tashkil etadi. Ushbu mablag' shaxmatchilar o'rtasida egallangan o'rin va to'plangan ochkolarga qarab taqsimlanadi.
Turnir yakuniga ko'ra, kuchli uchlikka quyidagi miqdorda kafolatlangan mukofot pullari beriladi:
1-o'rin uchun 70 ming evro;
2-o'rin uchun 45 ming evro;
3-o'rin egasi uchun 25 ming evro.
Agar 14-tur yakunida shaxmatchilar bir xil ochko jamg'argan bo'lsa, sovrin pullari ular o'rtasida teng taqsimlanadi. Bunda qo'shimcha o'tkaziladigan tay-breyk natijalari pul taqsimotiga ta'sir qilmaydi. Ya'ni 14-tur yakuniga ko'ra Javohir Sindorov va Anish Giri bir xil — 9 ochko jamg'arib, birinchi o'rinni bo'lishib turishibdi. Reglament bo'yicha 1-o'rin uchun 70 ming evro, 2-o'rin uchun 45 ming evro ajratilgan. Jami summa esa 115 ming evroni tashkil qiladi. Shu vaziyatda, shaxmat toji uchun kim Gukesh bilan o'ynashini aniqlash maqsadida tay-breyk o'tkaziladi. Kimdir g'alaba qozonadi, kimdir yutqazadi. Lekin pul masalasida tay-breyk natijasiga qaralmaydi. 115 ming evro ikkala shaxmatchiga teng bo'lib beriladi (har biriga 57 500 evrodan).
Ushbu turnirning eng o'ziga xos jihati shundaki, har bir ishtirokchi jamg'argan har yarim ochkosi uchun alohida 5 ming evro miqdorida bonus oladi. Masalan, ayni damda 6 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan Javohir Sindorov hozirning o'zidayoq ochkolari hisobidan 60 ming evro ishlab topgan. Agar u musobaqada g'olib chiqsa, ushbu summa g'oliblik uchun beriladigan 70 ming evro bilan qo'shilib, umumiy daromadi 130 ming evrodan oshib ketishi mumkin.
Shuningdek, reglamentda qat'iy intizomiy choralar ham ko'zda tutilgan. Masalan, o'yin boshlanishiga kechikib kelgan shaxmatchining mukofot pulidan 500 evro olib tashlanadi, 15 daqiqadan ko'p kechikish esa texnik mag'lubiyatga sabab bo'ladi. Barcha mukofot pullari turnir yakunlangandan so'ng olti hafta ichida shaxmatchilarning bank hisob-raqamlariga o'tkazib berilishi belgilangan.