Taekvondo. Najmiddin Qosimhojiev endi jahon chempioni!

Taekvondo WT bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Najmiddin Qosimhojiev (-74 kg) Usi shahrida (Xitoy) yakunga etib borayotgan taekvondo WT bo'yicha kattalar o'rtasidagi Jahon chempionatida oltin medalni qo'lga kiritdi.
Hamyurtimiz final bahsida Olimpiya o'yinlari va Jahon chempionati sovrindori, Braziliyaning tajribali vakili Edival Pontes bilan to'qnash keldi. Quvonarlisi, shiddatli ruhda kechgan bahsda Qosimhojiev raqibi ustidan zafar quchib, jamoamiz hisobiga qimmatli oltin medalni taqdim etdi.
Shu tariqa, Najmiddin faoliyatida ilk marotaba Jahon chempionati medaliga, bo'lganida ham OLTIN medalga ega chiqdi. Terma jamoamiz esa Usi–2025 Jahon chempionatini 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan nihoyasiga etkazdi.
1. Najmiddin Qosimhojiev (O'zbekiston)
2. Edival Pontes (Braziliya)
3. Magomed Abdusalamov (neytral maqomdagi sportchi)
3. Amir Sina Baxtiyoriy (Eron)
Barakalla, Najmiddin! O'zbekiston Taekvondo WT Assotsiatsiyasi Najmiddin Qosimhojiev hamda uning yaqinlarini, barcha hamyurtlarimizni mazkur natija bilan muborakbod etadi!