Madrid provintsiyasi sudi Superliga tashabbuskorlari bilan bo'lgan mojaroda UEFA tomonidan berilgan apellyatsiyani rad etdi. Bu haqda Madridning «Real» klubi matbuot xizmati xabar berdi.

Klub bayonotida ta'kidlanishicha, sud qarori Evropa sudining xulosalarini tasdiqlab, UEFAning Evropa Ittifoqi raqobat to'g'risidagi qonunchiligini buzgani va o'z hukmron mavqeidan suiiste'mol qilganini yana bir bor ko'rsatgan.

«Real»ning qo'shimcha qilishicha, 2025 yil davomida klub va UEFA vakillari o'rtasida boshqaruvda shaffoflikni oshirish, moliyaviy barqarorlikni ta'minlash, futbolchilar sog'lig'ini muhofaza qilish va muxlislar uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan islohotlar bo'yicha muzokaralar olib borilgan. Biroq tomonlar o'zaro kelishuvga erisha olmagan.

2025 yil 29 oktyabrda chiqarilgan yangi sud qaroriga ko'ra, UEFA, La Liga va Ispaniya Futbol Federatsiyasining (RFEF) apellyatsiyasi yakuniy ravishda rad etildi. Endi Superliga tashabbuskorlari UEFAdan etkazilgan zarar uchun kompensatsiya talab qilish huquqiga ega bo'ldi. Bu mablag' bir necha million evroni tashkil etishi mumkin.

Hozircha Superliga loyihasida faqat ikki klub — Madridning «Real»i va «Barselona» qolgan.

Manba: football24.ru