Mundo Deportivoning xabar berishicha, Superliga tashkilotchilari Chempionlar Ligasiga yangi format joriy etish tashabbusi bilan chiqqan.

UEFA, A22 (Superligini tashkil etuvchi kompaniya), «Barselona» va «Real Madrid» vakillari so'nggi sakkiz oy davomida to'liq maxfiylikda muzokara olib borishgan. Dekabrdan buyon tomonlar etti marta uchrashgan, jumladan UEFA ofislarida ham.

Hamkorlikning asosiy maqsadi – hozirgi turdagi Chempionlar Ligasi formatida barcha ishtirokchilarni qoniqtira oladigan evolyutsion o'zgarishlar qilish va ixtiloflarni oldini olish.

Superliga tashabbuskorlari UEFAga ikki muhim taklifni taqdim etgan:

1. Butun dunyo bo'ylab o'yinlarni namoyish etish uchun bepul platformani yaratish (televizor orqali ham),

2. Hozirgi EChL formatiga o'xshash, ammo undanda tomoshabop tarzda isloh etilgan tizim.

Taklifga ko'ra, barcha ishtirokchilar UEFA reytingi asosida ikki guruhga bo'linadi (18 tadan jamoa):

kuchli klublar – birinchi guruh,
nisbatan kuchsizlari – ikkinchi guruh.

Birinchi guruhdan eng ko'p ochko to'plagan 8 jamoa to'g'ridan-to'g'ri 1/8 finalga chiqadi. Keyingi sakkizlik esa ikkinchi guruhdan chiqadigan 8 kuchli klub bilan pley-off bosqichida to'qnash keladi.

Shu yo'l bilan, birinchi bosqich o'yinlarining umumiy saviyasi oshishi va ikkinchi guruh klublariga ham g'alaba qozonish imkoni yaratilishi kutilyapti.

Translyatsiyalar uchun Superliga UNIFY platformasini taklif qilmoqda:

a) reklama bilan – bepul versiya,
b) reklamasiz – premium versiya.

Mundo Deportivo ta'kidlashicha, UEFA bilan Superliga tashabbuskorlari o'rtasidagi munosabatlar oxirgi vaqtlarda ancha yaxshilangan.

Yangi format 2027 yildan, televidenie huquqlari savdosining yangi tsikli boshlanganda yo'lga qo'yilishi mumkin.

Manba: sports.ru