Superliga. OKMK Olmaliqda «Navbahor»ga imkoniyat qoldirmadi

Superliganing 28-turidan o'rin olgan OKMK va "Navbahor" o'rtasida kechgan Olmaliqdagi o'yin shiddat bilan boshlandi. Ilk daqiqalardanoq ikki jamoa faol harakat qildi, bir necha xavfli hujumlar amalga oshirildi. OKMK darvozaboni Hamidullo Abdunabievning ishonchli o'yini ilk daqiqalarda jamoasini goldan saqlab qoldi.
27-daqiqada hisob ochildi. Arihiro Sentoku va Xurshid G'iyosovning yaxshi o'zaro kombinatsiyasi orqali yaratilgan imkoniyatdan Ali Abdurahmonov aniq foydalandi — 1:0.
Bir daqiqadan so'ng «konchilar» yana gol urishdi. Bu safar Sentoku Ruben Sanchesga aniq uzatma berdi, ispaniyalik legioner esa raqib darvozasini ishg'ol qildi — 2:0.
39-daqiqada Xurshid G'iyosov yana bir assistni amalga oshirdi, Nodirbek Abdurazzoqov esa hisobni yirik ko'rinishga olib chiqdi — 3:0.
Birinchi bo'limda «Navbahor» ham bir necha bor gol urish imkoniga ega bo'ldi, ammo Abdunabievning ajoyib seyvlari OKMK darvozasini goldan saqlab qoldi.
Ikkinchi taymda OKMK o'yinni nazorat qilib bordi. 59-daqiqada Islom To'xtaxo'jaev bosh bilan xavfli zarba berdi, ammo mehmonlar darvozaboni to'pni qaytardi.
81-daqiqada «Navbahor» javob golini urdi — Zabihillo O'rinboev hisobni qisqartirdi (3:1).
Shunga qaramay, o'yin oxirida ham Abdunabiev bir necha bor jamoasini qutqardi va «konchilar» muhim g'alabani saqlab qoldi.
OKMK bu turda ishonchli g'alaba evaziga o'z ochkolarini 44 taga etkazib, egallab turgan 6-pog'onani mustahkamladi. "Navbahor" esa 38 ochko bilan 7-o'rinda qoldi.
Superliga. 28-tur
OKMK — «Navbahor» 3:1
Gollar: Ali Abdurahmonov (27), Ruben Sanches (28), Nodirbek Abdurazzoqov (39) — Zabihillo O'rinboev (81)