Futbol bo'yicha O'zbekiston Superligasining 12-turi doirasida turning markaziy uchrashuvi bo'lib o'tadi. Unda turnir jadvalining yuqori qismi uchun kurashayotgan «Navbahor» hamda OKMK jamoalari o'zaro maydonga tushadi.

Jamoalarning joriy mavsumdagi holati va imkoniyatlari turlicha bo'lsa-da, bugungi bahs ikkala klub uchun ham turnir jadvalidagi pozitsiya nuqtai nazaridan juda katta ahamiyatga ega.

Ayni paytda namanganliklar 11 ta o'yindan so'ng 20 ochko jamg'argan holda 4-o'rinni egallab turibdi. Temur Kapadze shogirdlari 6 ta uchrashuvda g'alaba qozonib, sovrinli o'rinlar uchun kurash olib bormoqda.

OKMK esa 11 ta uchrashuvda 16 ochko to'plagan holda 8-pog'onadan joy olgan. Mirjalol Qosimov jamoasi hisobida 4 ta g'alaba mavjud va olmaliqliklar Namangandagi bahs orqali kuchli uchlikka yaqinlashib olishni maqsad qilgan.

Statistika nima deydi?

«Navbahor» o'z maydonida o'tgan so'nggi 6 ta uchrashuvda OKMKga imkoniyatni boy bermagan. Olmaliq klubi Namangandan so'nggi bor 2019 yilda g'alaba bilan qaytgan edi.

Bugungi bahsda «Navbahor» zafar quchib, 3-o'ringa ko'tariladimi yoki OKMK ko'p yillik noxush seriyasiga chek qo'yib, muhim 3 ochkoni qo'lga kiritadimi? Bu savolga bugun soat 20:00 da start oladigan uchrashuvda javob topiladi.

Manba: Stadion.uz