Madridning «Real» klubi «Santyago Bernabeu» stadionida o'tkazilgan kontsertlar bo'yicha sud ishida g'alaba qozonganini e'lon qildi. Madrid viloyat sudi «qaymoqranglilar»ning apellyatsiyasini to'liq qanoatlantirdi.

Sud qaroriga ko'ra, stadionda kontsertlar tashkil etilishi munosabati bilan na klub rahbariyati va na stadionni boshqaruvchi kompaniya jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Ish rasman yopildi, tergov esa butunlay to'xtatildi.

Sud qarorida ta'kidlanishicha, shovqin darajasining me'yorda bo'lishi uchun javobgarlik stadionda tadbirlarni tayyorlash va o'tkazish bilan shug'ullangan tashkilotchi kompaniyalar zimmasidadir. Bundan tashqari, sud shovqin me'yorlarining buzilishi o'z-o'zidan jinoiy ta'qib uchun asos bo'la olmasligini qayd etdi.

«Real» ushbu qarordan mamnun ekanligini bildirdi. Klub bayonotida aytilishicha, berilgan da'vo «asossiz bo'lgan va bosim o'tkazish vositasi sifatida ishlatilgan».