Italiyalik hujumchi Stefan El-Shaaravi mavsum yakunida «Roma»ni tark etadi. Bu haqda 33 yoshli futbolchi o'zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida ma'lum qildi.

Futbolchi ilk bor «Roma»ga 2016 yilning yanvar oyida ko'chib o'tgan edi. O'sha paytdayoq u «Milan»dagi ajoyib o'yinlari evaziga A Seriyaning eng iqtidorli vingerlaridan biri hisoblanardi. 2019 yilning yozida u Xitoyga yo'l olib, «Shanxay Shenxua» klubida to'p surdi, biroq 2021 yilning yanvarida yana Rim klubiga qaytdi. Shundan beri El-Shaaravi jamoa tarkibining barqaror a'zosiga aylangan edi.

«Roma»dagi ikki davri davomida u jami 346 ta o'yinda maydonga tushib, 65 ta gol urdi va 50 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning Rim klubidagi eng katta yutug'i Joze Mourino boshqaruvi ostida 2021/22 yilgi mavsumda UEFA Konferentsiyalar ligasida qozonilgan g'alaba bo'ldi.

Bosh murabbiy Jan Pero Gasperini bir qator futbolchilar, jumladan, El-Shaaravi bilan ham shartnoma uzaytirilishini istagan edi, biroq tomonlar o'zaro kelishuvga erisha olishmadi. Shundan so'ng futbolchi jamoadan ketishga qaror qildi.