Sobiq hakam: «Real»ning «Bavariya»ga urgan ikkita goli bekor qilinishi kerak edi»

Sobiq hakam, «Alyo, ref!» mashhur telegram-kanali muallifi Anatoliy Sinyaev Chempionlar ligasi doirasidagi «Bavariya» va «Real» o'rtasidagi o'yinda Slavko Vinchich boshchiligidagi hakamlar brigadasi ishiga baho berdi.
Sinyaevning so'zlariga ko'ra, Myunxenda kechgan bahsda Vinchich va VAR «Real» tomonidan urilgan uchta goldan iktasini inobatga olmasliklari kerak edi.
«Gyulerning goli «nohaq belgilangan jarima zarbasi»dan so'ng urildi. Braim Dias kontakt izlagandi, u erda folga yaqin holatning o'zi yo'q edi. Mbappening golini esa VAR aralashuvi bilan bekor qilish lozim edi, chunki hujum fazasida qoida buzilgandi. Ryudiger ochiqchasiga qoidani buzgandi», — deya Sinyaevning so'zlarini keltiradi Betonmobile.
Shu bilan birga, Sinyaev hakam Eduardo Kamavingaga ikkinchi sariq kartochkani to'g'ri ko'rsatganini ta'kidlab o'tdi.
Eslatib o'tamiz, «Bavariya» o'z maydonida «Real»ni 4:3 hisobida mag'lub etdi. Ikki o'yin natijasiga ko'ra myunxenliklar 6:4 hisobida zafar quchib, yarim finalga yo'l olishdi.