Slot Kezaning holatiga izoh berdi
Chempionlar ligasining yangi reglamenti yanada moslashuvchan bo'ldi. Unga ko'ra agar biror futbolchi jiddiy jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqsa, klublar o'z qaydnomasini o'zgartirishi mumkin. Himoyachi Jovanni Leoni xochsimon bog'lamini yirtib olganidan so'ng, "Liverpul" Chempionlar Ligasi uchun vinger Federiko Kezani ro'yxatdan o'tkazdi. Buni jamoa bosh murabbiyi Arne Slot ham tasdiqladi.
"Keza qaydnomaga kiritildimi? Ha, biz bu masalani o'rganib chiqdik. Bu jarayon qaysi bosqichda ekanligini aniq ayta olmayman. Bu ish bilan boshqa odamlar shug'ullanadi. Lekin bilishimcha, agar futbolchi ikki oydan ortiq muddatga safdan chiqqan bo'lsa, uni qaydnomada almashtirish mumkin. Odamlarimiz buning ustida ishlamoqda," - dedi Slot juma kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida.
"Liverpul" shanba kuni "Kristal Pelas" mehmoni bo'ladi.