Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni Italiyaning jahon chempionatiga chiqa olmagani haqida gapirdi. «Skuadra Adzurra» JCh-2026 yo'llanmasi uchun kechgan hal qiluvchi bahsda Bosniya va Gertsegovinaga imkoniyatni boy berdi — yo'llanma taqdirini penaltilar seriyasi hal qildi.

«Italiya bilan sodir bo'lgan voqea meni xafa qildi. Mening kelib chiqishim italiyalik, u erda to'p surganman. Bu Argentina uchun qardosh davlat, u erda bizni juda yaxshi ko'rishadi. Italiyaning jahon chempionatida ishtirok etmasligi argentinaliklarni aslo quvontirmaydi», — deya Skalonining so'zlarini keltirmoqda AlbicelesteTalk.

Italiya terma jamoasi ketma-ket uchinchi bor mundialni o'tkazib yuboradi — ilgari bunday holat kuzatilmagan edi.

«Albiseleste»da esa vaziyat ancha tinch: amaldagi jahon chempionlari Zambiyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, 5:0 hisobida g'alaba qozonishdi.