Simone Indzagi: «Biz dunyoda mag'lub bo'lmay, oltin medalsiz qolgan yagona jamoaga aylandik»

«Al-Hilol» Saudiya Arabistoni chempionati turnir jadvalida ikkinchi o'rinni egalladi va chempionlik unvonini «An-Nasr»ga boy berib qo'ydi.
Simone Indzagi jamoasi so'nggi turda «Al-Fayha»ni mag'lub etdi (1:0), biroq raqobatchisiga etib ololmadi — «An-Nasr» «Damak»ni tor-mor keltirib (4:1), ikki ochkolik farqni saqlab qoldi.
«Biz hafsalamiz pir bo'ldi. Odatda 84 ochko birinchi o'rin uchun etarli bo'lardi, ammo bu safar emas. Men futbolchilarga qilgan harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdim. Bu mavsumda jarohatlar bilan bog'liq ko'plab qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Biz dunyoda birorta ham o'yinda yutqazmasdan, chempionat oltin medallarisiz qolgan yagona jamoaga aylandik», — deya jurnalist Alfredo Pedulla Indzagining so'zlaridan iqtibos keltirmoqda.
Aytish lozimki, italiyalik mutaxassis bu o'rinda adashgan: Portugaliyaning «Benfika» klubi ham chempionat mavsumini birorta mag'lubiyatsiz yakunlagan, biroq yakunda faqat uchinchi o'rinni band etgan.
Eslatib o'tamiz, Indzagi o'tgan yilning yozida Milanning «Inter» klubini tark etib, «Al-Hilol» boshqaruvini qo'lga olgan edi.