Ispaniya terma jamoasi darvozaboni Unai Simon belgiyalik hamkasbi Tibo Kurtua haqida o'z fikrlarini bildirdi. Ispanlar ertaga JCh-2026 chorak finali doirasida Belgiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi.

— Siz doimo Kurtuani maqtab kelgansiz. Uni nima ajratib turadi?

— Uning gavdasi darvozaning katta qismini yopib qo'yish imkonini beradi. U darvozada juda ulkan ko'rinadi, shu sababli unga gol urish oson kechmaydi.

Odatda bunday baland bo'yli posbonlarda koordinatsiya yoki tezkorlik borasida muammolar kuzatilishi mumkin bo'lsa-da, Kurtua to'p bilan a'lo darajada ishlashini, darvoza chizig'ida tez harakat qilishini va jarima maydonchasining istalgan nuqtasida ishonchli o'ynashini isbotlab ulgurdi.

U juda ko'p qirrali (universal) darvozabon bo'lib, kamdan-kam o'yinchilar maqtana oladigan jismoniy ma'lumotlarga ega, — deya ta'kidladi Simon.

Manba: Stadion.uz