Madridning «Atletiko» klubi argentinalik hujumchisi Xulian Alvares jamoani tark etishga juda yaqin turibdi. Bu haqda Diario SPORT nashri xabar tarqatmoqda.

Manbaning xabar berishicha, «matraschilar» bosh murabbiyi Diego Simeone Alvaresning klubdan ketish istagini ommaviy ravishda e'lon qilganidan so'ng, uni o'z jamoasida ko'rishni istamayapti. Mutaxassis tarkibda «Atletiko» uchun maydonda 100 foiz bor kuchini berishga tayyor bo'lmagan futbolchi ishtirok etishini xohlamaydi.

Qayd etilishicha, Simeonening bu boradagi pozitsiyasi qat'iy — u Alvaresni jamoada qolishga ko'ndirish uchun vaqt va kuch sarflamoqchi emas. Murabbiyning fikricha, agar futbolchida «Atletiko» sharafini himoya qilish ishtiyoqi bo'lmasa, u ketishi kerak.

Eslatib o'tamiz, avvalroq Alvares faoliyatini faqat Kataloniyaning «Barselona» klubida davom ettirishga qaror qilgani sababli, bir nechta boshqa grand jamoalarning takliflarini rad etgan edi.

Manba: Stadion.uz