Shveytsariya terma jamoasi yarim himoyachisi Yoxan Manzambi XXI asrda o'tkazilgan jahon chempionatlari tarixidagi eng sermahsul yosh futbolchilar qatoridan joy oldi.

Opta statistika portalining xabar berishicha, JCh-2026 doirasida Kanadaga qarshi kechgan bahsdan so'ng, Manzambi bitta dunyo birinchiligida kamida 4 ta golli vaziyatda (gol+pas) bevosita ishtirok etgan 21 yoshgacha bo'lgan uchinchi futbolchiga aylandi. Ayni paytda shveytsariyalik iqtidor hisobida 3 ta gol va 1 ta golli uzatma mavjud.

Bungacha ushbu yoshda bunday natijani faqat ikki futbolchi qayd eta olgan edi: Kilian Mbappe JCh-2018da 4 ta, Tomas Myuller esa JCh-2010da 8 ta golli vaziyatda ishtirok etgan.

Eslatib o'tamiz, ushbu rekord qayd etilgan uchrashuvda Shveytsariya terma jamoasi Kanadani 2:1 hisobida mag'lub etdi.

Manba: Stadion.uz