Shveytsariya jahon chempionati 1/8 final uchrashuvida Kolumbiyani mag'lub etdi — 0:0 (penaltilar bo'yicha — 4:3). O'yin Vankuverdagi «BiSi Pleys» arenasida bo'lib o'tdi.

Asosiy vaqtda ham, 15 daqiqadan bo'lgan ikkita qo'shimcha bo'limda ham jamoalar gol ura olishmadi. Penaltilar seriyasida esa shveytsariyalik futbolchilar aniqroq harakat qilishdi. Kolumbiyaliklardan himoyachi Davinson Sanches darvozaga aniq zarba bera olmadi, Xuan Kamilo Ernandesning zarbasini esa Gregor Kobel qaytardi. Evropa jamoasidan himoyachi Manuel Akanji to'pni darvoza to'sinidan balandga tepdi.

Jahon chempionatining chorak finalida Shveytsariya Argentina bilan to'qnash keladi. Uchrashuv yakshanba, 12 iyul kuni bo'lib o'tadi va Toshkent vaqti bilan soat 06:00 da boshlanadi.

Manba: Stadion.uz