Shvetsiyalik murabbiy Isakni "Barsa"ga ancha oldin tavsiya qilgan edi

"Barselona"da Ronald Kumanning yordamchisi bo'lib ishlagan Xenrik Larsson Aleksandr Isakning amalga oshmay qolgan transferini esladi.
Shvetsiyalik mutaxassis Kataloniya klubida 2020 yil avgustidan 2021 yil oktyabrigacha ishlagan. U rahbariyatga o'sha paytda "Real Sosedad" safida to'p tepgan hamyurti Isakka e'tibor qaratishni maslahat berganini aytdi.
"Isak haqida "Barselona"da ishlaganimda gapirganman. Mendan yaxshi hujumchilar ro'yxatini tuzishni so'rashdi - unga Aleksandrni kiritdim. Aytish joizki, u erda Levandovski ham bo'lgan," - deya Larssonning so'zlarini keltiradi ispan OAV.
Robert Levandovski 2022 yilning yozida, Xavi Ernandes davridayoq "Barselona"ga ko'chib o'tgandi, Aleksandr Isakni esa qo'lga kiritishning imkoni bo'lmadi. Joriy yilning yozida "Liverpul" 25 yoshli shvetsiyalikni "Nyukasl"dan 145 mln evroga sotib olgan edi.